Superliga 7-turidan o'rin olgan "Dinamo" - "Lokomotiv" (1:2) uchrashuvidan so'ng jamoamiz ustozi Vadim Abramov uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.
"Nima ham derdim? Faqat hissiyotlar. Afsuski, yo'l qo'yayotgan har bir individual xatomiz uchun darhol jazolanyapmiz. 2:0 hisobida yutqazayotganimizda, zaxira kuchlaridan foydalanib, o'yinni o'zgartirmoqchi bo'ldik. Go'yo bitta gol urdik, lekin boshqa hech narsa qila olmadik. Ustiga-ustak, ahmoqona chetlatish ham bo'ldi.
Qolaversa, oldinda qiyin o'yinlar bor. O'zimizni shunday bir vaziyatga solib qo'ydikki, endi nima bo'lishi noma'lum", - dedi Vadim Abramov.
- Abduxoliqov ketma-ket ikkinchi yil Samarqandga kelib, ikkita bir-biriga o'xshash gol urmoqda. Siz o'yinchilarni bu haqda ogohlantirganmidingiz? U juda xavfli, u hujumchi-ku…
- Ha, ogohlantirgandim. Uning o'ziga alohida to'xtalib o'tgandik, o'yindan oldin aytgandim. U mening jamoalarimga doimo gol uradi. Shuning uchun ogohlantirgandim. Xatolarni ko'ryapsizmi? Darvozabon to'pni shunchaki autga chiqarib yuborish o'rniga, qaergadir markazga uzatdi. Qolaversa, markazda unga zarba berishga xalaqit beradigan hech kim yo'q edi. Mana shu narsa hayron qoldiradi. Himoyachilar esa yugurib kelishyapti-yu, go'yo to'pga o'ynashlari kerak, lekin o'ynamayaptilar. Shuning uchun bunday golga izoh berishga qiynalaman.
Keyin ikkinchi gol... Jarima zarbasi vaziyatida qandaydir xavf yaratishimiz kerak edi, biz esa qandaydir bir ahmoqona kombinaciyani o'ynadik va qarshi hujumda bizga ikkinchi golni urib kyetishdi.
- Yagudin va Nemanov xatoga ketma-ket qo'pol xatolarga yo'l qo'yyapti...
- Aytganimdek, har qanday individual xato jazolanadi. Buni engib o'tib, ishlashda davom etish kerak, menimcha. Nima ham qilardik? Boshqa yo'l yo'q.
- Umuman olganda, darvozabon orqali juda ko'p o'ynashayotganga o'xshadi. Demak, bu shunday rejalashtirilgan, to'g'rimi? Mudofaadan hujumga chiqish sizning ko'rsatmangizmi?
- Yo'q, aslida biz to'pni darvozabon tepib yuborishini emas, himoyachi orqali o'yinga kiritishni xohlaymiz. Lekin ular bu to'pni qanday ishlatayotgani - bu boshqa masala. Shunday bo'lyaptiki, ular to'pni darvozabonga berishyapti, keyin esa raqib darvozabonni yopib qo'yyapti. Barchasi raqib bizga qanday bosim qilishiga bog'liq.
Posbon birinchi pasni himoyachiga beradi. Afsuski, keyin himoyachi to'pni unga qaytarib oshirmoqda. Oldinga o'ynash kerak, lekin oldinda hech kimni ko'rishmayapti. Biz yarim himoyachilarga to'pni etkazishni talab qilamiz, ammo o'sha paytda yarim himoyachilarimiz yopiq bo'lsa kerak. Men shunday deb o'ylayman. Yana aytaman, barchasi raqib himoyani qanday qurishiga, sizga pressing qilishni boshlashiga bog'liq.
- Nima uchun birinchi bo'limda jamoa o'yini o'xshamadi? Chunki tanaffusda jiddiy o'zgarishlar qildingiz...
- Ha, birinchi bo'limda ikkita gol o'tkazib yuboramiz deb o'ylamagandim, ikkinchisida esa o'yinni kuchaytiramiz degan rejamiz bor edi. Shuning uchun o'yinni kuchaytira oladigan barcha futbolchilarni zaxirada qoldirgandik. Ular o'yinni kuchaytirishdi ham, lekin, afsuski, 2:0 hisobi juda katta farq. Qolaversa, o'yinimiz o'xshamadi, shoshilishni, qayoqqadir yugurishni, shunchaki to'p tepishni boshladik. Aql o'chib, faqat hissiyotlar qoldi.
"Lokomotiv"ga
bosim o'tkaza oldik, chunki ular ancha toliqib qolishgandi. Lekin buning o'zi
kamlik qildi. Biz aslida bu o'yinda yutishni xohlagandik. Vazifa g'alaba
qozonish edi, shuning uchun qayerdadir shoshildik. Ular esa to'g'ri qilib, o'yin
tempini tushira boshlashdi. Ularning tarkibidagi tajribali futbolchilar o'yin
tempini mohirlik bilan pasaytirishdi va bunga erishishdi.
- Hozir ko'plab klublar Eron chempionatidan futbolchi olish haqida o'ylayapti, chunki FIFA futbolchilarga mavsum oxirigacha boshqa jamoalarda o'ynashga ruxsat berishi kutilmoqda. U yerda yaxshi o'yinchilar, jumladan, bizga tanish futbolchilar ham bor. Erondagi futbolchilarimizni “Dinamo” safiga qo'shib olish haqida o'ylayapsizmi?
- Yo'q, bu haqda o'ylab ham ko'rmayapman, chunki bizning hozirgi ahvolimizda bu haqda o'ylash juda kulgili.
- Moliyaviy vaziyatda qandaydir o'zgarish bormi?
- Hozircha yo'q. Hozircha hech qanday o'zgarish yo'q.